Yurtimizda tuberkulyoz kasalligiga qarshi kurash sohasi erishilayotgan yutuqlar borasida 13 ta faktni e’tiboringizga havola qilamiz.

1. O’zbekiston Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosiga a’zo mamlakat sifatida 53 davlat orasida tuberkulyozga qarshi kurashish dasturining bajarilish natijalari bo’yicha bir necha yildan beri etakchi o’rinlarni egallab kelmoqda.

2. 2023 yil 22 sentyabr kuni AQShning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi 78-sessiyasi doirasida tuberkulyoz kasalligi bo’yicha Oliy darajadagi Majlisiga O’zbekiston tomoni tuberkulyozga qarshi kurashishda erishgan yutuqlarini inobatga olib, raislik qildi.

3. Hozirda tuberkulyoz kasalligini aniqlash bo’yicha tuman, shahar, tumanlararo, viloyat va Markaziy laboratoriyalardan iborat 5 bosqichli zamonaviy tizim ishlab turibdi.

4. Xastalik profilaktikasi, diagnostikasi va muolajasi uchun zarur barcha dori vositalari bilan davlat tomonidan bepul ta’minlanmoqda va bunga ajratilayotgan mablag’lar hajmi yildan yil oshirilyapti. Davlat byudjeti xisobidan har yili JSST prekvalifikasion sifatiga ega tuberkulyozga qarshi dori vositalari Global Drug Facility (GDF) xalqaro platformasi orqali xarid qilinmoqda.

5. Avvallari yurtimizda tuberkulyozni aniqlash uchun 3-4 oylab vaqt talab etilgan bo’lsa, hozirgi kunda genno-molekulyar usul orqali bor-yo’g’i 70 daqiqa ichida kasalikka aniq tashxis qo’yilmoqda.

6. So’ngi yillarda JSST tavsiyalari asosida ftiziatriya bo’yicha barcha klinik ko’rsatmalar yangilandi, jami 2000 nafar mutaxassis qayta tayyorgarlikdan o’tdi.

7. Tuberkulyoz kasalligi tarqalishining oldini olish uchun har yili yangi tug’ilgan chaqaloqlarning 97 foizi emlanmoqda.

8. Mamlakatimiz bo’ylab 97 ta PZR laboratoriyasi faoliyat ko’rsatmoqda, ulardan 40 tasi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida joylashgan.

9. Ilg’or operasiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qo’llanilishi natijasida tuberkulyozning turg’un shakli bilan kasallangan bemorlarni davolash muddati 2 yildan 6-9 oyga qisqardi.

10. So’nggi o’n yil ichida O’zbekistonda tuberkulyoz kasalligi bilan kasallanish va aholining o’lim darajasi sezilarli pasayib bormokda.

11. Tuberkulyoz kasalligini davolash samaradorligi 90 foizga etkazildi va bu JSSTning kasallikni tugatish strategiyasi maqsadlariga mos keladi.

12.  Viloyatlarning olis hududlarida istiqomat qiladigan aholining tuberkulyoz va respirator kasalliklarga skriningini o’tkazish maqsadida mahalliy byudjet mablag’lari hisobidan «o’pka salomatligi» mobil brigadalari mikroavtobuslar va 4 turdagi (sun’iy intelekt tizimi bilan mobil raqamli rentgen, PTSR, elektrokardiograf, mobil spirometr) uskunalar bilan ta’minlandi.

13. Raqamli texnologiyalar yordamida bemorlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida ambulator davolashning videonazorat usuli butun mamlakat bo’ylab tatbiq qilindi. Ushbu innovasion yondashuv, ayniqsa, olis chekka hududlarda yashovchi aholida davolanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Ma’lumot uchun: o’tgan yilgi kabi Butunjahon tuberkulyozga qarshi kurash kuni bu yil ham dunyo bo’ylab «Ha! Tuberkulyozga barham bera olamiz!»shiori ostida o’tkazilmoqda. Ushbu sananing ramzi sog’lom nafas olishning timsoli bo’lgan oq moychechak hisoblanadi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmatidan.