Sog’liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov Turkiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi olgan bekar va ushbu mamlakatning sog’liq bilimlari universiteti rektori Kamalettin Oydin bilan uchrashuv o’tkazdi.

Unda ta’kidlanganidek, so’nggi yillarda yurtimiz va qardosh Turkiya davlati o’rtasida tibbiyotning ko’plab yo’nalishlari, ayniqsa, tibbiy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama aloqalar sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko’tarildi.
Xususan, mamlakatimiz etakchi tibbiyot markaz va klinikalari mutaxassislari, tibbiyot oliygohlari professor-o’qituvchilari o’rtasidagi almashinuvlar mazkur yo’nalishdagi hamkorlik mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, 2019 yilda O’zbekiston va Turkiya sog’liqni saqlash vazirliklari o’rtasida imzolangan anglashuv memorandumiga asosan Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida sog’liq bilimlari universitetining tibbiyot fakulteti va malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi faoliyat ko’rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu dargohda jami 600 nafarga yaqin talaba tahsil olyapti.
Prezidentimiz tashabbusi bilan esa o’tgan yili ochilgan hamshiralar akademiyasida sog’liq bilimlari universitetining «hamshiralik ishi» fakulteti faoliyat boshladi. Hozir unda 20 nafar bo’lajak hamshira tayyorlanmoqda.
Ushbu fakultetda oliy malakali hamshiralar 4 yillik ta’lim dasturi bo’yicha tayyorlanib, qabul uchun test sinovlari turkiyalik mutaxassislar tomonidan olinadi.
Bu erda o’quv mashg’ulotlari turkiyalik yuqori malakali o’qituvchi va professorlar tomonidan olib boriladi. Qolaversa, talabalarni tibbiyot sohasidagi ilg’or tajribalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularning Turkiya klinikalariga stajirovkalari ham tashkil etilishi ko’zda tutilmoqda.
E’tiborlisi, talabalar «hamshiralik ishi» yo’nalishida bakalavriatdan keyin magistratura, aspirantura va doktorantura bosqichlarida o’qish imkoniyatiga ega.
Ta’kidlash joiz, 1903 yilda asos solingan Turkiya sog’liq bilimlari universiteti ushbu mamlakatdagi yagona ixtisoslashgan tibbiyot universiteti, shuningdek Evropaning etakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Dunyoning turli davlatlari oliy ta’lim muassasalarida o’z fakultetlarini ochgan mazkur oliygoh qator xalqaro reytinglarda yuqori pog’onalarda qayd etiladi.
Muloqot davomida turkiyalik hamkasblar yaqin kelajakda hamshiralar akademiyasida akusherlik va ginekologiya yo’nalishida ham fakultet ochishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, kelgusida yurtimizdagi tibbiy oliygohlarda ta’lim berayotgan turkiyalik o’qituvchi-professorlar nafaqat nazariy va amaliy o’quv mashg’ulotlarida, balki bemorlarda jarrohlik amaliyotlarini o’tkazish jarayonida ham ishtirok etishiga kelishib olindi.
Uchrashuvda ikki tomonlama keng ko’lamli hamkorlikni klinik boshqaruv, tibbiy kadrlarni tayyorlash, ilm-fan, shoshilinch tibbiy yordam, transplantologiya, ona va bola salomatligini muhofaza qilish kabi yo’nalishlarda yanada rivojlantirish istiqbollari ham atroflicha muhokama qilindi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmatidan.
